
Kichkina shaharning bosh maydonini qoplagan qumda u ota-onasining ismlarini va o’zining butun hayotini ayni daqiqalargacha — bolalikdagi o’yinlari-yu diniy maktabdagi sovuq kechalarni — hamma-hammasini o’qidi. U do’kondor qizining ismini o’qidi, buni endi bilishi edi. U hali hech kimga aytmagan narsalarni: bir safar ki-yik ovlash uchun otasining miltig’ini so’ramasdan olganini va hayotida dastlab, faqat bir marta ayol bilan tunaganini o’qidi.
“Men — Salim podshohiman”, — yodiga tushdi uning.
— Nega podshoh cho’pon bilan gaplashib o’tiribdi? — xijolatomuz, yuvosh tortib so’radi Santyago.
— Buning sabablari ko’p, biroq eng asosiysi shuki, sen o’z Taqdiring yo’lidan borishga qodirsan.
— Bu qanaqa Taqdir? — so’radi bo’zbola.
— Barcha odamlar, hali navqiron paytlarida, o’z Taqdirini bilishadi. Umrning bu pallasida hamma narsa tushunarli va o’zlari xohlagan ishni amalga oshirishga intilishdan qo’rqishmaydi. Biroq vaqt o’tishi bilan bir sirli kuch ularni o’z Taqdirini yuzaga chiqarishga erishishning iloji yo’qligiga ishontirishga kirishadi.
Qariyaning gaplari Santyagoga unchalik ta’sir qilmadi, biroq “sirli kuch” uni qiziqtirib qoldi — do’kondorning qizi buni eshitsa, og’zi ochilib qoladi.
— Bu kuch aftidan yomonlikka yo’g’rilgan. Biroq amalda u odamlarni o’z Taqdirini qanday yuzaga chiqarishga yo’naltiradi. Bu kuch uning ruhi va irodasini shunga tayyorlab boradi. Bu sayyorada bir ulug’ haqiqat mavjud: sening kimligingdan va nima qilayotganingdan qat’i nazar, qachonki sen bir nimani chin yurakdan istasang, bunga erishasan, chunki shunday istak Olam Qalbida ham yaraladi. Va bu sening Yerdagi nasibangdir.
— Hatto agar men faqat yurt kezib yurishni yoki do’kondorning qiziga uylanishni xohlasam hammi?
