
— Yoki xazinani qidirsang-da. Olam Qalbi inson baxtidan oziqlanadi. Baxtidan, biroq ayni paytda g’amidan, havasu hasadidan, rashkidan ham. Odamning yakka-yagona majburiyati: o’z Taqdiri yo’lidan oxirigacha borish. Hammasi — shunda mujassam. Yodingda tut, sen biror narsani istagan paytda butun Olam sening istaging amalga oshishiga yordam beradi.
Biroz muddat ular maydonga va o’tib-ketib turgan odamlarga jim qarab o’tirishdi. Jimlikni birinchi bo’lib qariya buzdi:
— Xo’sh, shunday qilib nega endi sen qo’y boqishga qaror qilding?
— Chunki, dunyo kezib yurishni yaxshi ko’raman.
Qariya maydon burchagiga qizil kajavasi bilan kelib to’xtagan makkabodroq sotuvchiga ishora qildi:
— Bolaligida u ham dunyo kezishni orzu qilgan. Biroq keyin makkabodroq sotib, pul topishni afzal bildi. Qarigach, u Afrikada bir oyni o’tkazdi. O’z orzusini amalga oshirishi uchun odamda hamma vaqt imkon bo’lishini tushunish unga nasib etmagan.
— Uning cho’ponlik qilgani ma’qul edi, — dedi Santyago.
— Bu haqda u o’yladi. Biroq so’ng yaxshisi savdo-sotiq bilan shug’ullanishga qaror qildi. Savdogarlarning boshida kapasi bor, cho’pon-cho’liqlar esa ochiq dalada tunaydi. Qizlarning ota-onalari ham kuyovlari cho’pon emas, savdogar bo’lishini xohlashadi.
Santyago movutchining qizini esladi va yuragiga igna sanchilganday bo’ldi. Albatta, qiz yashayotgan o’sha shaharda kimdir qizil kajava bilan izg’ib yurgandir.
— Bundan kelib chiqadiki, odamlarning cho’ponlar va makkabodroq sotuvchilar haqidagi fikrlari Taqdir yo’li haqidagi fikrdan muhim ekan-da.
Qariya yana kitobni varaqladi va aftidan, o’qiy boshladi. Santyago uzoq kutdi, keyin bari bir qariyani chalg’itishga qaror qildi, chunki oldin chol ham uni kitob-dan chalg’itgandi:
— Nima uchun siz men bilan bu haqda gaplashayapsiz?
— Chunki sen o’zingning Taqdiring yo’lidan borishga urinding. Biroq hozir undan chekinishga tayyorsan.
