
— Siz har doim shunday daqiqalarda paydo bo’lasizmi?
— Har doim. Boz ustiga boshqa shaklu shamoyilda ham ko’rinishim mumkin. Gohida to’g’ri qaror tarzida, gohida ma’qul fikr tarzida. Gohida esa, hal etuvchi daqiqada, men boshi berk ko’chadan chiqish yo’lini aytaman. Barini eslab qololmaysan. Biroq odatda odamlar mening paydo bo’lganimni payqashmaydi.
Qariya o’tgan hafta bir tilla qazuvchi qoshida tosh shaklida paydo bo’lgani haqida hikoya qildi. Bir paytlar bu odam hammasini tashlab, zumrad qazib topish uchun yo’l olgan. Daryo qirg’og’ida besh yil rosa ter to’kkan va bir dona bo’lsa-da, zumrad toparman, deb 999 999 toshni maydalagan. Va shunda hafsalasi pir bo’lib, orzusidan voz kechishga ahd etgan, bu payt uning poyida faqat bittagina tosh qolgandi — va u shu toshning ichidan o’zining zumradini topardi. Shunda qariya aralashishga va o’z Yo’lidan mardona ketayotgan tilla izlovchiga yordam berishga qaror qildi. U toshga aylandi, uning oyog’i ostiga yumalab keldi, biroq tilla izlovchi, besh yildan beri besamar ter to’kayotganidan g’azabga minib, oyog’i bilan toshni tepib yubordi. Biroq shunday kuch bilan tepdiki, tosh boshqa bir toshga urilgancha yorilib, dunyoda tengsiz go’zal zumrad quyosh nurida yaraqlab ketdi.
— Odamlarga o’z hayotlarining mohiyati juda erta ayon bo’lib qolganday tuyuladi, — dedi qariya va Santyago uning ko’zlaridagi g’amni ilg’adi. — Ehtimol, shuning uchun ham ular bundan juda erta voz kechishar. Nachora, dunyo shunday qurilgan.
Shu payt bo’zbola gurung xazina haqidagi gapdan boshlanganini esladi.
— Ma’danni soy va daryolar yuzaga olib chiqadi, ayni soy va daryolar ularni yer qa’riga bekitadi, — dedi qariya. — Agar o’zingning xazinang haqida batafsil bilging kelsa — suruvingdagi qo’ylarning har o’ntasidan birini menga ber.
— Balki topsam, o’sha xazinaning o’ndan birini berganim tuzukdir?
