
— Qo’lingda yo’q narsani va’da qilish, uni qo’lga kiritishga jahd etish demak, — dedi qariya ginali ohangda.
Shunda Santyago suruvining o’ndan birini lo’li kampirga allaqachon va’da qilganini aytdi.
— Lo’lilar haqini undirishni biladi, — xo’rsindi qariya. — Nima bo’lganda ham bilib qo’yganing tuzuk, dunyoda har bir narsaning o’z bahosi bor. Nur Askarlari ayni shunga o’rgatishga intilishadi. — U Santyagoga kitobni uzatdi. — Ertaga shu vaqtda sen suruvingning o’ndan birini qoshimga haydab kelasan. Shunda men xazinani qanday topishni aytaman.
Va shunday deb, u muyulishda ko’zdan g’oyib bo’ldi.
Santyago yana kitobni qo’liga oldi, biroq mutolaga kirisholmadi — diqqatini bir joyga yig’ishga qurbi yetmasdi. Qariya bilan muloqotdan hayajonlagandi, chunki uning ko’ngli sezdi: qariya haqiqatni gapirdi-da. Bo’zbola chakana savdo qutisi yoniga bordi va bir qog’oz xaltacha makkabodroq sotib oldi, sotuvchiga qariyaning u haqdagi gapini aytsammikan, deb o’yladi, keyin shart emas, degan qarorga keldi.
“Ba’zida hammasini o’z holicha qoldirgani ma’qul” — deb o’yladi u. Aytsang, sotuvchi, g’ildirakli qizil qutisiga o’rganib qolganiga qaramay, uch kunlab o’ylanib yuradi, bu ishning bahridan o’tsammikan, deb. “Uni bunday azobdan xolos etganim bo’lsin”.
Shunday o’y bilan Santyago ko’cha bo’ylab, boshi oqqan tomonga qarab ketdi, oxiri bandargohga kelib qoldi, chog’roqqina uychaning yonidan chiqdi. Uychada Afrikaga boradigan kemalarga patta sotishardi. Darvoqe, Misr aynan Afrikada.
— Sizga nima kerak? — so’radi pattafurush.
— Ehtimol, ertaga sizdan patta xarid qilarman, — javob qildi Santyago va nari yurdi.
Bittagina qo’yni sotsang bas, qarabsanki, Afrikadasan. Bu fikr uning ko’ngliga g’ulg’ula soldi. Pattafurush esa yoramchisiga gap qotdi:
— Yana bitta xayolparast. Sayohat qilgilari kelibdi, kissasida hemiri yo’q.
Santyago pattaxona tokchasi oldida turarkan, qo’ylari yodiga tushdi va tuyqusdan ularning yoniga tezroq borgisi kelib qoldi. Ikki yilda cho’polik san’atini egalladi va chorvani miridan-sirigacha — qo’y qirqishni-yu qo’zilatishni, suruvni bo’rilardan asrashni bilib oldi. Andalusiyaning yaylovlari endi unga besh barmog’iday tanish, otaridagi xohlagan qo’yining narxini aniq baholay biladi.
