
U o’zini kutayotgan suruv qamalgan qo’tonga eng uzoq yo’ldan jo’nadi. Bu shaharning ham o’z qal’asi bor edi, bo’zbola qiyalikdan ko’tarilib, qal’a devoriga chiqib o’tirishga qaror qildi. U joydan Afrika ko’rinardi. Bir paytlar kimdir unga qadim zamonda Afrikadan mavrlar suzib kelishib, sal bo’lmasa Ispaniyani butunlay mahv etashganini uqtirgandi. Santyago mavrlarga toqat qilolmasdi: bu yerga lo’larni shular olib kelgan bo’lishi kerak.
Devordan butun shahar, haligina u qariya bilan gurunglashib turgan bozor maydoni kaftdagiday ko’rinib turardi.
“Qaysi go’rdanam uni uchratdim”, — o’yladi bo’zbola.
Hamma balo lo’li kampirning tushni ta’birlaganidan boshlandi-da. Na lo’li, na qariya uning cho’pon ekaniga ahmiyat berdi. Ha, hamma narsadan ko’ngli sovugan bu yolg’iz odamlar cho’pon degan zot qo’y bilan tirik ekanini qaydan bilsin. Santyago suruvdagi har qaysi qo’yning bir qarashdayoq ichi-sirtini aytib bera oladi: unisi — qisr, narigisi ikki oydan so’ng qo’zilaydi, hov, chetdagilari — suruvning eng sudralganlari, yalqov. U qo’ylarni qirqishni, bo’g’izlashni uddalaydi. Agar biror yoqqa ketguday bo’lsa, qo’ylari uni qumsaydi, egasiz bo’lib qoladi.
Shamol turdi. Bu shamol unga tanish edi — odamlar buni “lavanta shamoli” deyishardi, chunki O’rtaer dengizining sharqiy qismidan, Lavantadan kelgan mavrlarning yelkanlarini ko’targan shu shamol edi. Bo’zbola, hali Tarifda bo’lmagan esa-da, Afrika qirg’oqlari juda yaqin ekaniga shubhalanmasdi. Bunday qo’shnilik xatarli — mavrlar yana bostirib kelishi mumkin. Shamol kuchaydi. “Baribir qo’ylarim va xazina bilan oramizni buzib yuborolmas”, — o’yladi Santyago.
