Endi ikkisidan birini — yo o’zi odatlangan mashg’ulotni yoki ko’ngli tusab turgan narsani deyishi kerak. Aytgancha, o’rtada do’kondorning qizi ham bor, biroq qo’ylar muhimroq, chunki ular Santyagoga muhtoj. Qizaloqqa — baribir. Darvoqe, uni eslarmikan? Bo’zbola adashmas-ov: ikki kundan keyin uning oldida paydo bo’lsa, qizaloq tanimaydi, chunki qizaloq uchun kunlar bir xilda o’tadi, kunlari ikki tomchi suvday yakrang odamlar har tong quyosh charaqlab chiqib, turmushiga ro’shnolik bag’ishlayotganini payqashmaydi.

“Men otamni, onamni ham, tug’ilgan qishlog’imdagi qal’ani ham tashlab keldim, — o’yladi u. — Ular ayriliqda yashashga ko’nikishdi, men ham shunga odatlandim. Demak, bunga qo’ylar ham ko’nikadi mening yo’g’imda”.

U yana maydonga tepadan turib qaradi. Makkabodroq savdosi qizigandan qizirdi: ana, qariya bilan haligina gurunglashgan so’rida endi bir juft oshiq qaymoqlashib o’tirishibdi.

“Savdogar…” — o’yladi Santyago, biroq fikrini yakunlashga ulgurmadi — kuchaygan “lavanta shamoli” shiddat bilan to’g’ri yuziga urildi.

Shamol faqat bosqinchi mavrlar yelkanlarini ko’tarib qolmagan, balki o’zi bilan xavotirli sahro garmselini, chodralarga o’rangan ayollar bo’yini, bir zamonlar nimalarnidir qidirib, oltinu sarguzasht ishtiyoqida izg’iganlarning ter va umid-orzulari hidini ham olib kelgan. Shamol ehromlar nafasini ham olib kelgan. Bo’zbolaning erkin, daydi shamolga havasi keldi va o’zi ham uningday bo’la olishini his etdi. O’zidan boshqa hech kim yo’lini to’sa olmaydi. Qo’ylar, movutchining qizi-yu Andalusiyaning yaylovlari — bular bari o’z Yo’lini topguncha bosib o’tiladigan so’qmoqlar, xolos.

Ertasi kuni choshgohda u bozor maydonida paydo bo’ldi va o’zi bilan oltita qo’yni haydab keldi.

— G’alati ish bo’ldi, — dedi u qariyaga. — Do’stim hech qanday gap-so’zsiz mendan butun bir otarni sotib oldi va umr bo’yi cho’pon bo’lishni orzu qilgandim, dedi. Yaxshilik alomati bu.

— Hamisha shunday bo’ladi, — javob qildi qariya. — Buni Xayrli Ibtido deyishadi. Agarda sen, misol uchun, hayotingda birinchi marta qarta o’ynashga o’tirsang, aftidan, yutgan bo’larding. Boshlovchilarning omadi keladi.



21 из 116