Santyago beixtiyor yengil tortdi: u belgilar haqida o’ylayotgandi va mana, belgi berildi. Unga ovoz bergan taxminan uning tengquri, yevropacha kiyingan bo’lib, faqat terisining rangi shu yerlik ekanini bildirardi.

— Sen ispanchani qayoqdan bilasan? — so’radi Santyago.

— Bu yerda uni qariyb hamma biladi. Ispaniya ikki soatlik yo’l.

— Kel, o’tir, men seni biror narsa bilan mehmon qilay. O’zingga ham, menga ham vino buyur. Choyga uncha tobim yo’q.

— Bu mamlakatda vino ichishmaydi, — javob qildi u. — Vino ta’qiqlanadi.

Shunda Santyago ehromlargacha yetib borishi zarurligini aytdi. Xazina haqidagi gap og’zidan chiqib ketishiga bir bahya qoldi, biroq vaqtida tilini tishladi: aytib bo’ladimi, bu arab unga yordam berishi evaziga xazinaning bir qismini talab qilishi mumkin-ku. Bo’zbola qariyaning gaplarini esladi: qo’lingda, o’zingniki bo’lmagan narsani va’da qila ko’rma.

— Meni ehromlargacha olib borolmaysanmi? Buning uchun men senga haqini to’lardim.

— Sen tasavvur qila olasanmi o’zi, uning qaerdaligini?

Santyago yemakxona xo’jayini ularning yaqiniga kelib, gurungni jon qulog’i bilan eshitayotganini payqadi. Garchi uning oldida gapirgisi kelmayotgan bo’lsa-da, bo’zbola omadi chopib uchratgan yo’l boshlovchini qo’ldan chiqargisi kelmasdi.

— Butun Sahroni kesib o’tishingga to’g’ri keladi, — dedi u. — Buning uchun pul kerak. Puling bormi?

Bu savoldan Santyago hayron bo’ldi. Biroq u qariyaning gapini esladi: agar sen biror narsani xohlasang, butun Olam sening xohishing ijobat bo’lishiga ko’maklashadi. Va u cho’ntagidan pulni olib, arabga ko’rsatdi. Xo’jayin ularga yanada yaqinroq kelib, tepalarida turib oldi, keyin esa haligi bola bilan arabchada qattiq-qattiq gaplashdi. Santyagoning nazarida xo’jayin nimagadir achchiq qilayotganday edi.

— Ketdik bu yerdan, — dedi bola. — Bizning bu yerda o’tirishimiz unga yoqmayapti.

Santyago xursand bo’lib o’rnidan turdi va hisob-kitob qilay degandi, xo’jayin uning qo’lidan tutib, nimalardir deb gapira boshladi. Qo’lini bo’shatib olishga Santyagoning qurbi yetardi, biroq u yot bir mamlakatda va boz ustiga, bunday vaziyatda o’zini qanday tutish lozimligini bilmas edi. Baxtiga yangi tanishi xo’jayinni ko’kragidan itarib yubordi va Santyagoni yemakxonadan ko’chaga olib chiqib ketdi.



27 из 116