
— U sening pullaringni olmoqchi bo’ldi. Tanjer Afrikaning boshqa shaharlariga o’xshamaydi. Bu bandargoh, bandargoh esa doim tovlamachilarga to’lib yotadi.
Unga ishonsa bo’ladi. U mushkul vaziyatga yordam berdi. Santyago yana cho’ntagidan pullarni olib, sanadi.
— Ertagayoq ehromlarga jo’nashimiz mumkin, — dedi arab. — Biroq avval ikkita tuya sotib olishimiz kerak.
Shunday deb u Santyagoning qo’lidan hamyonni oldi.
Ular Tanjerning har qadamda chodirlaru savdo qutilari turgan tor ko’chalaridan yurib ketishdi va minglab olomon bilan to’la bozor maydonidan chiqishdi — odamlar savdolashar, baqirib-chaqirishardi. Ko’katu mevalar pichoq, xanjarlar bilan bir joyga uyub tashlangan, gilamlar esa turli-tuman chilimlar yonida. Santyago hamrohidan ko’zini uzmay borardi — bo’zbola bor pulini sherigiga bergan edi. U pulni qaytarib olmoqchi ham bo’ldi, biroq bu noqulay, degan o’yga bordi. Bu mamlakatning urf-odatlari Santyagoga notanish edi. “Hechqisi yo’q, — o’yladi u, — men uni sergaklik bilan kuzatib borayapman, shuning o’zi yetarli, axir, men undan qoruvliman.”
U tasodifan turli-tuman buyumlar orasida qilichni ko’rib qoldi, bunaqa chiroyli qilichni hech qachon ko’rmagan edi: g’ilofi misdan, dastasi qimmatbaho toshlar va sir bilan bezalgan. Santyago Misrdan qaytishda, albatta, o’ziga shunday qilich sotib olishni ko’ngliga tugdi.
— So’ra-chi, narxi qancha ekan? — turgan joyidan burilmay so’radi u yo’ldoshidan.
Shu lahzada u qilichga mahliyo bo’lib, ikki daqiqaga chalg’iganini payqadi. Yuragi shuvillab ketdi. U o’grilib qarashga cho’chidi, chunki qarasa ko’z oldida qanday manzara namoyon bo’lishini bildi. Yana bir necha lahza u qilichdan ko’zini uzmay turdi, keyin o’zini qo’lga olib, boshini burdi.
