
— Sen o’qishni qaerda o’rgangansan, — so’radi qiz.
— Hamma qaerda o’rgansa, o’sha yerda-da, — javob qildi bo’zbola. — Maktabda.
— Nega endi savoding bo’lsayam qo’y boqib yuribsan?
Javob o’rniga Santyago boshqa narsa haqida gapirdi: qiz uni baribir tushunmasligiga ishonchi komil edi. U qizga o’zining jahongashtaligidan gapirdi, qizning mavrlarnikiga o’xshagan ko’zlari goh moshday ochilsa, goh hayratdan qisilib ketardi. Vaqt bilinmay o’tar, Santyago ichida bu kunning tugamasligini, savdogarning do’koniga odam yog’ilishini va qo’ylarni qirqtirish bahonasida uch-to’rt kun shu yerda qolib ketishini xohlardi. Hech qachon hozirgiday holatni tuymagan edi; uning shu yerda umrbod qolgisi keldi. Bu qorasoch qiz bilan kunlari sira ham ikki tomchi suvday bir xil kechmasligi aniq edi.
Biroq shu payt qizning otasi do’kondan chiqib keldi va suruvni oralab, qirqish uchun to’rtta qo’yni ajratib oldi. Keyin kelishilganiday haq to’ladi va dedi:
— Endi bir yildan keyin kel.
Mana, nihoyat o’shanda belgilangan muddatgacha bor-yo’g’i to’rt kun qoldi. Bo’zbola uchrashishni o’ylab quvonar va ayni chog’da ko’ngli xijil tortardi: bordi-yu qiz uni yodidan chiqarib yuborgan bo’lsa-chi? Axir, ularning shaharchasi yonidan qo’y haydab o’tadigan cho’ponlar son mingta.
— Bo’lganicha bo’lar, — dedi u qo’ylariga. — Unchalik ahamiyati yo’q. Boshqa shaharlarda ham qizlar to’lib yotibdi.
Biroq u ko’nglining tub-tubida buning ahamiyati chindan ham juda katta ekanini his etib turardi. Cho’ponlarda ham, dengizchi-yu jahongashta savdogarlarda ham doim intiq bo’lib, sog’inib yashaydigan bir shahri bo’ladi va u yerda, ozod qushday dunyo kezish baxtidan voz kechishga arziydigan hurliqo yashaydi.
Kun yorishib ketdi, Santyago otarini quyosh ko’tarilib kelayotgan tarafga haydadi.
“Qo’ylarga oson, — o’yladi u, — hech qanday tashvishi yo’q. Ehtimol, shuning uchun ularning mendan ajralgisi kelmas”.
