Aslida ularga hech narsaning keragi yo’q — suv bo’lsa, tuyoqlari tagida o’t-o’lan bo’lsa bas. Santyago Andalusiyaning qaerlarida sero’t yaylovlar borligini bilsa bo’lgani, qo’ylar unga sodiq hamroh bo’lib, ergashib yuraveradi. Mayliga, kunlari bir zaylda o’taversin, ular tirikligida birorta ham kitob o’qimasa o’qimas, odamlarning shaharlarda, qishloqlarda bir-birlariga yangiliklarni yetkazadigan tilini ular tushunmasa ham mayliga — baribir ular o’zlaricha baxtli, suv va yemishga zoriqmasa bo’lgani. Bular evaziga qo’ylar saxiylik bilan o’z junini, naslini va vaqt-vaqti bilan go’shtini odamlarga beradi.

“Agar bugun men yirtqich hayvonga aylanib, ularga bir boshdan qiron solsam, otarning yarmidan ko’pini nobud qilganimdan keyingina ular nima bo’layotganini tushunib yetadi, — o’yladi Santyago. — Ular menga o’z instinktlaridan ko’ra ortiqroq ishonadi, chunki faqat men ularni qorin to’yg’azadigan joyga olib boraman”.

U bugun miyasiga kelayotgan g’alati o’ylardan hayron. Ehtimol, qarg’ish tekkan, naqd mehrobidan tutanjir o’sib chiqqan xaroba cherkovda tunab qolgani uchun shunday bo’layotgandir? Uyqusida oldin ko’rgan bir tushni qayta ko’rdi, mana, endi sodiq hamrohlariga tish qayrayapti. U kechki ovqatdan qolgan vinodan bir qultum yutdi va kamzuliga yaxshilab burkanib oldi. Yana bir necha soatdan keyin quyosh chosh tepaga keladi, jazirama avjiga minib, suruvni yaydoq dalada haydashning iloji bo’lmay qoladi. Bu pallada butun Ispaniya mudraydi. Kechga boribgina havoning hovuri biroz tushadi, shungacha kun bo’yi yelkasida og’ir kamzulni ko’tarib yurishi kerak. Boshqa iloji ham yo’q-da: sahargi salqindan ayni shu kamzul jonni asraydi.

“Ob-havoning injiqliklariga shay turgan ma’qul”, — o’yladi Santyago kamzuliga tashakkur bildirib, uning og’ir va issiqligidan mamnun bo’lib. Aslida ham, kamzulning o’z vazifasi bo’lganiday, Santyagoning ham o’z qismati bor. Uning peshonasiga yozilgani — dashtu dala kezish. Ikki yil mobaynida u Andalusiyaning yassi tog’lariyu yaydoq dalalarini izg’ib, qancha shahar va qishloqlarni ko’rdi. Santyago movutchining qiziga, o’zi oddiy cho’pon esa-da, qanday qilib savodxon bo’lib olganini tushuntirishga chog’landi.



6 из 116